Ichki va tashqi qarz, qisqa va uzoq muddatli qarzni statistik qayd etish
Аннотация
Tadqiqot natijalari asosida shuni xulosa qilish mumkinki, davlat qarzini statistik qayd etish va uni samarali boshqarish iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir. O‘zbekiston misolida olib borilgan tahlillar ichki va tashqi qarz o‘rtasidagi nisbat nisbatan muvozanatlashganligini va qarz yukining maqbul darajada ekanligini ko‘rsatdi. Bu esa mamlakatda qarz siyosati ehtiyotkorlik bilan yuritilayotganligini anglatadi. Shu bilan birga, qisqa muddatli qarz ulushining mavjudligi likvidlik xavfini yuzaga keltirishi mumkinligi aniqlandi. Shu sababli qarz portfelida uzoq muddatli majburiyatlar ulushini oshirish, qarzning qaytarish muddatlarini optimallashtirish va risklarni kamaytirish muhim vazifa hisoblanadi. Bu choralar davlat moliyasining barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadqiqot davomida aniqlangan yana bir muhim jihat – milliy statistik amaliyot bilan xalqaro standartlar o‘rtasidagi tafovutlarning mavjudligidir. Ushbu tafovutlar qarz ko‘rsatkichlarini baholashda noaniqliklarni keltirib chiqaradi va xalqaro taqqoslashlarni qiyinlashtiradi. Shu sababli xalqaro metodologiyalarga to‘liq moslashish, ayniqsa qarz tasnifi va hisobga olish tizimini unifikatsiya qilish zarur. Amaliy jihatdan quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin: davlat qarzini boshqarishda uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish, ichki qarz bozorini rivojlantirish, qarz mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish va statistik ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlash.