Raqamli iqtisodiyot sharoitida tijorat banklari innovasiyalarini rivojlantirishning konseptual asoslari
Maqola matnidan
Raqamli iqtisodiyot sharoitida tijorat banklari faoliyatining innovasion rivojlanishi ko‘p omilli, ko‘p darajali va dinamik xarakterga ega bo‘lib, uni an’anaviy chiziqli modellar asosida ifodalash metodologik jihatdan kuchsiz hisoblanadi. Chunki, yuqorida ta’kidlanganidek, raqamli muhitda innovasiyalar moliyaviy resurslar, raqamli infratuzilma, ma’lumotlar muhiti va mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarning bir vaqtda transformasiyalanishi orqali shakllanadi. Shu sababli, mazkur tadqiqot doirasida innovasion rivojlanish jarayonlarini formallashtirish va funksional bog‘liqliklarni aniqlash maqsadida kodlashtirilgan konseptual yondashuv modeli ishlab chiqildi. Ushbu modelni shakllantirish zarurati uchta metodologik muammodan kelib chiqqan: birinchi muammo innovasion rivojlanish omillarining tarqoq talqin qilinishi bilan bog‘liq bo‘lib, mavjud yondashuvlarda resurslar, texnologiyalar va mijozlar munosabatlari ko‘p hollarda mustaqil omil sifatida qaraladi; ikkinchi muammo innovasion jarayonlarning qayta aloqa xususiyati yetarlicha hisobga olinmasligi bilan izohlanadi; uchinchi muammo innovasiyalarning iqtisodiy natijalari va ularni ta’minlovchi mexanizmlar o‘rtasidagi funksional bog‘liqlikning formallashtirilmaganligi bilan xarakterlanadi.